Rossiyaning Domodedovo xalqaro aeroportida bojxona xodimlari O'zbekistonga uchib ketayotgan 32 yoshli xorijlik fuqaroning yuklarini tekshirish jarayonida xavfli mahsulotni aniqladi. "Yantar" nomli radiatsiyani aniqlash tizimi yuklar orasida radioaktiv moddalar borligi haqida signal bergan.
Tekshiruv davomida yo'lovchining yuklari orasidan umumiy og'irligi 31 kilogramm bo'lgan quritilgan oq qo'ziqorinlar topilgan. Mutaxassislar tomonidan o'tkazilgan o'lchovlar natijasida mahsulotdagi radiatsiya foni tabiiy me'yordan 10 barobardan ortiqroq ekanligi ma'lum bo'ldi. Tahlillar qo'ziqorinlar tarkibida seziy-137 radionuklidi mavjudligini ko'rsatgan.
Rossiya Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasidagi nazorat federal xizmati (Rospotrebnadzor) ushbu mahsulotni radioaktiv chiqindi deb topdi va uni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish (ko'mish) to'g'risida qaror qabul qildi. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan tegishli choralar ko'rilib, "Quritilgan oq qo'ziqorin" mahsuloti uchun berilgan muvofiqlik deklaratsiyasi bekor qilindi va uning savdosi to'xtatildi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, seziy-137 sun'iy radioaktiv izotop bo'lib, u yadroviy reaksiyalar va avariyalar natijasida hosil bo'ladi. Uning organizmga uzoq vaqt ta'sir qilishi jiddiy sog'liq muammolarini, jumladan, onkologik kasalliklar xavfini oshirishi mumkin.









