Rostov-na-Donu shahrining Temernik mikrorayonida huquq-tartibot organlari tomonidan ommaviy profilaktik tadbir o'tkazildi. Rostov viloyati IIV boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, reyd davomida jami 72 nafar shaxs tekshiruvdan o'tkazilib, politsiya bo'limiga keltirilgan.
Tekshirilganlar orasida 30 nafar xorijiy davlat fuqarosi hamda Rossiya fuqaroligini olgan 42 nafar shaxs bor. Reyd natijasida jami 5 ta ma'muriy huquqbuzarlik holati qayd etilgan. Ulardan 3 tasi Rossiya hududida bo'lish tartibini buzish (Rossiya Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 18.8-moddasi 1.1-qismi) bilan bog'liq.
Shuningdek, yana 2 ta holatda qabul qiluvchi tomonning migratsion hisobga olish bo'yicha majburiyatlarini bajarmagani aniqlangan (Rossiya Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 18.9-moddasi 4-qismi). Ushbu moddalar bo'yicha tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Politsiya vakillari migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini ta'minlash bo'yicha tizimli ishlar davom ettirilishini ma'lum qildi. Migrantlarga o'z hujjatlarini doimo tartibda saqlash va yashash hamda ishlash qoidalariga qat'iy amal qilish tavsiya etiladi.









