Sankt-Peterburg shahrida chet el fuqarolari o‘rtasida kelib chiqqan janjal pichoqbozlik bilan yakunlandi. Rossiya IIVning shahar va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 15-avgust kuni Ximicheskiy berk ko‘chasidagi turar joylardan birida yuz bergan.
Aniqlanishicha, 55 yoshli erkak va uning 36 yoshli vatandoshi o‘rtasida oshxonada o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan. Mast holatda bo‘lgan gumonlanuvchi pichoq yordamida jabrlanuvchining ko‘krak qismiga jarohat yetkazgan. Jabrlanuvchi mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan va og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Politsiya xodimlari gumonlanuvchini hodisadan bir necha soat o‘tib, voqea joyi yaqinida qo‘lga olgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi va 105-moddasi 1-qismi (qotillikka urinish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Rossiya Tergov qo‘mitasining Kirov tumani bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchiga nisbatan ayblov e’lon qilingan bo‘lib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.









