Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shaharning Moskva tumanida og‘ir jinoyat sodir etgan xorijiy fuqaro qo‘lga olindi. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 111-moddasi 4-qismi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joriy yilning 7-8 avgust kunlari sodir bo‘lgan. Srednerogatskaya ko‘chasidagi turar joy majmualaridan birining avtoturargoh qo‘riqlash xonasida bo‘lgan gumonlanuvchi spirtli ichimlik ta’sirida o‘zaro kelishmovchilik sababli tanishiga tan jarohatlari yetkazgan. U jabrlanuvchining boshi, ko‘krak qafasi va qorin sohasiga kamida 9 marotaba qo‘l va oyoqlari bilan zarba bergan.
Olingan tan jarohatlari oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan. Ayni paytda gumonlanuvchi qo‘lga olingan bo‘lib, unga nisbatan ayblov e’lon qilingan va hodisa joyida ko‘rsatmalarni tekshirish ishlari o‘tkazilgan.
Tergov organlari tomonidan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha zaruriy tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, sud tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.









