Sankt-Peterburg politsiyasi shahardagi qurilish obyektlari va migrantlar yashaydigan hududlarda nazorat tadbirlarini davom ettirmoqda. Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, navbatdagi reyd Pulkovo shossesi, 103-uy manzilida joylashgan qurilish shaharchasida o'tkazildi.
Reyd davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari 300 ga yaqin xorijlik fuqaroning hujjatlarini tekshiruvdan o'tkazdi. Tekshiruv jarayonida ayrim shaxslar politsiyadan yashirinishga uringani, jumladan, biri vaqtinchalik yotoqxona (bitovka) tomiga chiqib olmoqchi bo'lgani qayd etilgan. Biroq politsiyachilarning talabidan so'ng u bu fikridan qaytgan.
Tekshiruv yakunlariga ko'ra, 5 nafar xorijlik fuqaroda Rossiyada bo'lish qoidalari buzilgani aniqlandi. Ular politsiya bo'limiga olib ketilib, Rossiya Federatsiyasi Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi bo'yicha jarimaga tortildi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi ko'rib chiqilmoqda.
Politsiya vakillari Sankt-Peterburgda xorijliklar ixcham yashaydigan hududlarda bunday reydlar davom ettirilishini ma'lum qildi. Migrantlarga o'z hujjatlarini doimiy ravishda tartibda saqlash va Rossiya qonunchiligiga rioya qilish tavsiya etiladi.









