Sankt-Peterburg markazida joylashgan Sennoy bozori va uning atrofidagi hududlar 16-oktabr kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o'rab olindi. Reyd davomida bozor hududi vaqtincha yopilib, kirish-chiqish cheklandi. OMON xodimlari va maxsus kuchlar ishtirokida o'tkazilayotgan tadbirda xorijiy fuqarolarning hujjatlari tekshirilmoqda.
Tekshiruvlar, shuningdek, yaqin atrofdagi xostellar, etnik kafelar va ming nafargacha odam sig'adigan namozxonada ham olib borilmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, migratsiya qonunchiligini buzganlikda gumon qilingan bir necha o'nlab shaxslar ushlangan. Tekshiruv tadbirlari davom etmoqda.
Reyd jarayoniga harbiy komissariat xodimlari ham jalb etilgan. Ular Rossiya fuqaroligini olgan, biroq harbiy hisobga turmagan shaxslarni aniqlash ishlarini olib bormoqda. Natijada, bir necha o'nlab kishiga harbiy komissariatga chaqiruv qog'ozlari topshirilgani ma'lum qilindi.
Ushbu hududda bo'lib turgan fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi va migratsiya qonunchiligiga oid barcha hujjatlarni (pasport, patent, ro'yxatdan o'tish qog'ozi) o'zlari bilan olib yurish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablariga rioya qilish so'raladi.









