SOS
Xavfsizlik

Sochidagi reydlarda 19 nafar xorijlik fuqaro tekshirildi

Sochidagi reydlarda 19 nafar xorijlik fuqaro tekshirildi

Sochi shahrida o'tgan juma kuni «Huquq-tartibot» nomli keng ko'lamli profilaktika reydi o'tkazildi. Tadbirda Sochi IIB, transport politsiyasi, Federal xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari ishtirok etib, garaj-qurilish kooperativlari hududlarini ko'zdan kechirishdi.

Reyd davomida jami 244 ta garaj tekshirilib, 126 nafar fuqaroning shaxsi aniqlandi. Tekshiruv natijasida 91 kishi politsiya bo'limiga olib ketildi, ularning 19 nafari xorijiy davlatlar fuqarolari ekani ma'lum bo'ldi. Qonunbuzarlik sodir etgan 31 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy javobgarlik choralari ko'rildi.

Ushbu tadbirlar Rossiya migratsiya qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta'minlash hamda jamoat xavfsizligini saqlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Migrantlardan o'zlarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va migratsiya qaydnomalarini doimo yonida olib yurish hamda qonunchilik talablariga qat'iy rioya qilish so'raladi.

Shuningdek, reyd doirasida voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha bo'linma xodimlari tomonidan tungi vaqtda nazoratsiz yurgan 28 nafar o'smir aniqlangan. Ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o'tkazilib, hududiy qonun hujjatlari bo'yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

03.11.20261