Tula viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, shahar hududidagi qurilish maydonlarida migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha reyd o‘tkazildi. Tekshiruvlar jarayonida jami 42 nafar xorijlik fuqaroning hujjatlari ko‘zdan kechirildi.
Reyd natijalariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari tomonidan 7 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ulardan 5 tasi xorijliklarni noqonuniy ishga yollaganlik, 2 tasi esa migrantlarning ruxsatsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani uchun tuzilgan. Shuningdek, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlangan qonunbuzarlar shaxsini aniqlash va barmoq izlarini olish uchun politsiya bo‘limiga olib ketildi. Hozirgi vaqtda mas’ul xodimlar migrantlarning noqonuniy bandligini tashkil etgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Ushbu holat Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni migratsiya qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishga hamda hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilganiga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi.









