Rossiya IIVning Ufa shahri bo'yicha boshqarmasi xodimlari o'tgan dam olish kunlari Leninskiy va Kirovskiy tumanlarida keng ko'lamli profilaktik reyd o'tkazdi. Tadbirning asosiy maqsadi jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish va xavfsizlikni ta'minlashdan iborat bo'ldi.
Reyd davomida politsiya xodimlari 20 ga yaqin obyekt, jumladan, ko'ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tekshirdi. Migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish jarayonida 17 nafar xorijlik fuqaro aniqlanib, tekshiruv uchun politsiya bo'limlariga olib ketildi.
Shuningdek, reyd hududlarida yo'l harakati qoidalari buzilishi bilan bog'liq 20 dan ortiq holat qayd etildi. Tekshiruvlar davomida alkogol mahsulotlarini sotish qoidalari buzilgani ham aniqlanib, aksiz markalariga ega bo'lmagan 70 dan ortiq spirtli ichimlik musodara qilindi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, jami 16 nafar fuqaro turli ma'muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, tungi vaqtda kattalar kuzatuvisiz yurgan besh nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlanib, ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillariga nisbatan Rossiya Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 5.35-moddasi bo'yicha bayonnomalar tuzildi.









