Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Vladimir viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabariga ko‘ra, Vladimir shahri fuqarosi yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha nazariy imtihonlarni topshirishda yordam berish maqsadida maxsus texnik vositalarni sotganligi uchun sudlandi. 1983-yilda tug‘ilgan shaxs Rossiya Jinoyat kodeksining 138.1-moddasi (axborotni yashirin olish uchun mo‘ljallangan maxsus texnik vositalarni noqonuniy sotish) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi internet orqali e’lon berib, imtihonlarda yordam taklif qilgan. U mijozlariga mikronushnik, radioaloqa vositalari va tugma shaklidagi yashirin kameraga ega futbolkalarni taqdim etgan. Imtihon vaqtida ayblanuvchi bino tashqarisida turib, mijozlariga to‘g‘ri javoblarni diktovka qilib turgan.
Noqonuniy vositalardan foydalangan shaxslar imtihon jarayonida inspektorlar tomonidan aniqlangan. Xususan, 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro va 1986-yilda tug‘ilgan xorijiy fuqaroning imtihon natijalari bekor qilinib, ulardan texnik vositalar musodara etilgan. Mazkur shaxslarning barchasi ham sud tomonidan jarimaga tortilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, texnik vositalarni sotgan shaxsga 140 ming rubl miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Ta’kidlanishicha, ushbu fuqaro avvalroq Kolchugino shahrida ham xuddi shunday qilmish uchun sudlangan va 70 ming rubl jarimaga tortilgan edi. Ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan.









