Rossiyada ChatGPT sun'iy intellekt platformasiga kirish cheklandi. OAV xabarlariga ko'ra, foydalanuvchilar chatgpt.com domeniga ulanishga uringanda, aloqa server bilan bog'lanishdan avvalroq uzilmoqda. Bu holat nafaqat veb-sayt, balki xuddi shu domendan foydalanuvchi mobil ilovaning ham ishlashini to'xtatib qo'ydi.
Avvalroq OpenAI kompaniyasi Rossiya hududidagi IP-manzillar uchun xizmatdan foydalanishni cheklagan edi. Endilikda esa Rossiya tarmoq provayderlari darajasida ulanishning o'zi bloklanmoqda. Bu o'zgarish xizmatdan foydalanib kelgan foydalanuvchilar, jumladan, ish jarayonida sun'iy intellektdan yordamchi vosita sifatida foydalanadigan migrantlar uchun ham amaliy qiyinchiliklar tug'diradi.
Mutaxassislar ushbu cheklovlar texnik infratuzilma darajasida amalga oshirilayotganini ta'kidlashmoqda. Hozirgi vaqtda platformaga kirish uchun muqobil texnik vositalardan foydalanish ham murakkablashgan.









