Rossiyaning Vladimir viloyatida joylashgan Muromsevsk o'rmon texnikumi direktori Viktor Sobolev va uning xodimlari noqonuniy migratsiyani tashkil etish hamda poraxo'rlikda vositachilik qilish aybi bilan sud qilindi. Sud zalida direktor va uning sheriklari hibsga olindi.
Voqealar rivoji 2023-yilning may oyida boshlangan. M-12 trassasini qurayotgan pudratchi kompaniya ishchilarni joylashtirish uchun texnikum bilan shartnoma imzolagan. Biroq, ishchilarning Rossiyadagi qonuniy bo'lish muddati tugagan va migratsiya xizmati ularni ro'yxatdan o'tkazishni rad etgan. Shunga qaramay, direktor 37 nafar O'zbekiston fuqarosining yotoqxonada yashashiga ruxsat bergan.
Uch oy o'tgach, nazorat organlari tomonidan mazkur holat aniqlangan va 37 nafar migrant mamlakatdan deportatsiya qilingan. Shuningdek, kompaniya komendanti migratsiya bo'limi boshlig'iga 100 ming rubl miqdorida pora taklif qilgan vaqtda qo'lga olingan.
Sud qaroriga ko'ra, texnikum direktori Viktor Sobolev 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi va 300 ming rubl jarimaga tortildi. Uning qo'l ostidagi xodimlar esa 1,5 yildan 2 yilgacha bo'lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etilib, ularga nisbatan ham jarimalar belgilandi.









