Xabarovsk o‘lkasi IIV boshqarmasi xodimlari 17-19-avgust kunlari hududda «Stroyka-2026» tezkor-profilaktika tadbirini o‘tkazdi. Tekshiruvlar davomida xorijlik ishchilarning mehnat faoliyati va migratsiya qoidalari nazorat qilindi.
Reydlar natijasida 200 dan ortiq qurilish maydonchasi ko‘zdan kechirildi. Tekshiruvlar davomida Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan 90 nafar xorij fuqarosi aniqlandi. Qoidabuzarliklar yuzasidan jami 200 dan ortiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar orasida Rossiyada bo‘lish tartibini buzish, xorijlik ishchilarni noqonuniy jalb qilish va boshqa ma’muriy xatolar mavjud. Shuningdek, 17 nafar xorij fuqarosini Rossiyadan majburiy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, ular maxsus muassasalarga joylashtirildi.
Bundan tashqari, 48 nafar shaxsga nisbatan Rossiyaga kirishni taqiqlash to‘g‘risida qaror tayyorlandi. Tekshiruv jarayonida 1 mingdan ortiq xorijlik shaxs federal qidiruv bazalari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi.









