Rossiya IIVning Alekseyevka shahar okrugi migratsiya bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida uch nafar xorijlik fuqaro mehnat faoliyatini tegishli ruxsatnoma (patent)siz amalga oshirayotgani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.10-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, xorijliklarni noqonuniy ravishda ishga yollagan pudratchi tashkilot ham javobgarlikka tortildi. Unga nisbatan patentga ega bo‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilgani hamda migratsiya organlarini xorijliklar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari haqida xabardor qilmagani uchun ma’muriy choralar ko‘rildi.
Bundan tashqari, tekshiruv jarayonida xorijlik fuqarolarni o‘z uyida yashab turgan, biroq ularni belgilangan tartibda migratsiya hisobiga qo‘ymagan Alekseyevka shahri fuqarosi ham aniqlandi. U qabul qiluvchi tomonning majburiyatlarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Migratsiya qonunchiligiga ko‘ra, xorijlik fuqarolar Rossiya hududida ishlashi uchun tegishli ruxsatnoma (patent)ga ega bo‘lishi, ish beruvchilar esa xorijlik xodimlar bilan shartnoma tuzishda migratsiya organlarini xabardor qilishi hamda ularni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.









