Arxangelsk viloyatida 1-oktabrdan 10-oktabrgacha «Noqonuniy migrant» kompleks tezkor-profilaktika operatsiyasi o'tkazildi. Hududiy IIV xodimlari qurilish, savdo, qishloq va o'rmon xo'jaligi obyektlari hamda transport infratuzilmasini tekshiruvdan o'tkazdi.
Operatsiya davomida migratsiya qonunchiligini buzgan 109 ta holat aniqlandi. Rossiyada noqonuniy bo'lib turgan 15 nafar xorij fuqarosiga nisbatan mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborish qarori qabul qilindi. Ulardan 6 nafari Arxangelsk shahridagi xorij fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirildi.
Shuningdek, 11 nafar xorijlik noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirgani, 15 nafar ish beruvchi esa xorijliklarni yollashda qoidabuzarlikka yo'l qo'ygani aniqlandi. Bundan tashqari, 6 ta holatda xorijliklarni soxta migratsion hisobga qo'yish holati fosh etildi. Xususan, Velsk shahrida yakka tartibdagi tadbirkor ikki nafar xorijlik ishchini haqiqiy yashash joyi bo'lmagan joyga ro'yxatdan o'tkazgani uchun jinoiy ish qo'zg'atildi.
Nazorat tadbirlari natijasida 66 nafar xorijlikka Rossiyaga kirish taqiqlandi. Shuningdek, 3 ta vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP), 25 ta yashash guvohnomasi (VNJ) bekor qilindi hamda 2 ta patent bekor qilindi. Arxangelsk va Severodvinskda yashovchi 5 nafar xorij fuqarosining Rossiyada vaqtincha bo'lish muddati qisqartirildi.









