SOS
Deportatsiya

Belgorod viloyatida migratsiya nazorati kuchaytirildi

Belgorod viloyatida migratsiya nazorati kuchaytirildi

Rossiya IIVning Belgorod viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hududda migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish maqsadida tezkor-profilaktika tadbirlarini o‘tkazdi. Tekshiruvlar qurilish maydonchalari, savdo obyektlari, transport infratuzilmasi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda xorijiy fuqarolar yashaydigan manzillarni qamrab oldi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 155 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 63 tasi xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan. Qoidabuzarliklar uchun umumiy hisobda yarim million rubldan ortiq jarimalar belgilandi.

Nazorat tadbirlari natijasida nazorat ostidagi shaxslar reestriga kiritilgan to‘rt nafar xorijiy fuqaro aniqlandi. Ular Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborildi va ularga 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga kirish taqiqi qo‘yildi.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy migratsiyani tashkil etish holatlari ham qayd etildi. Xususan, Stariy Oskol shahar okrugida ikki nafar xorijiy fuqaroning noqonuniy bo‘lishini ta’minlagan shaxslar guruhiga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bundan tashqari, soxta haydovchilik guvohnomasidan foydalangan xorijiy fuqaroga nisbatan ham jinoyat ishi ochildi.

19.08.20261