SOS
Deportatsiya

Bryansk viloyatida 86 nafar migrant qoidalarni buzgani uchun javobgarlikka tortildi

Bryansk viloyatida 86 nafar migrant qoidalarni buzgani uchun javobgarlikka tortildi

Rossiya IIVning Bryansk viloyati bo'yicha boshqarmasi xabariga ko'ra, hududda besh kun davomida “Migrant” operatsiyasi doirasida 500 dan ortiq tekshiruv tadbirlari o'tkazildi. Reydlar qurilish maydonchalari, savdo obyektlari, ta'lim muassasalari, transport infratuzilmasi va turar joy sektorlarini qamrab oldi.

Tekshiruvlar natijasida migratsiya qonunchiligini buzganlik bo'yicha jami 86 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qoidabuzarliklarning asosiy qismi kirish, bo'lish va mehnat faoliyatini amalga oshirish tartiblari bilan bog'liq. Xususan, 29 nafar xorijlik Rossiyaga kirish va chiqish qoidalarini buzgan bo'lsa, 21 holatda migrantlarga turar joy taqdim etgan qabul qiluvchi tomonlar javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, xorijiy ishchi kuchini jalb qilish tartibini buzganlik bo'yicha 17 ta, mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibiga rioya qilmaganlik bo'yicha 8 ta holat aniqlandi. Yana 10 kishi immigratsiya qoidalarini, 1 nafar xorijlik esa ayrim faoliyat turlariga qo'yilgan cheklovlarni buzgan.

Qonunbuzarliklar oqibatida 3 nafar xorij fuqarosini Rossiyadan majburiy tartibda chiqarib yuborish, yana 1 nafarini esa deportatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qilindi. Rasmiylarning ta'kidlashicha, bunday tekshiruvlar rejali xususiyatga ega bo'lib, migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish va jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida o'tkaziladi.

15.09.20261