O'zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari og'ir vaziyatga tushib qolgan vatandoshimiz va uning ikki oylik chaqalog'ini O'zbekistonga qaytarishda amaliy yordam ko'rsatdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, ona Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani sababli, uning farzandi vaqtincha «Rassvet» bolalar reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan edi. Diplomatlar vaziyatni nazoratga olib, ona va bolaning birlashuvi hamda yurtga qaytishi uchun zarur choralarni ko'rdi.
Bosh konsulxona xodimlari Rossiyaning tegishli idoralari, jumladan, xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi va reabilitatsiya markazi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Natijada ona va bola uchun barcha kerakli hujjatlar qisqa muddatda rasmiylashtirildi.
Joriy yilning 28-avgust kuni diplomatlar chaqaloqni reabilitatsiya markazidan olib, Novosibirsk aeroportiga yetkazdi va u yerda ona bilan uchrashuv tashkil etildi. Shu kunning o'zida ona va farzand Toshkent shahriga kuzatib qo'yildi.









