Rossiya IIVning Chelyabinsk viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar yakunlandi. Ikki kun davom etgan tadbirlar davomida huquq-tartibot organlari tomonidan 31 ta jinoyat va 317 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati qayd etilgan.
Tekshiruvlar asosan qurilish maydonchalari, bozorlar, issiqxona xo‘jaliklari, shuningdek, yotoqxona va mehmonxonalarda o‘tkazildi. Reydlarda politsiya xodimlari bilan bir qatorda Federal xavfsizlik xizmati, Tergov qo‘mitasi va Milliy gvardiya vakillari ishtirok etdi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, xorijlik fuqarolarni qonunga zid ravishda ishga jalb qilgan ish beruvchilarga nisbatan 100 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Sud qarorlariga ko‘ra, 48 nafar xorij fuqarosini Rossiyadan chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ayni paytda 8 kishi mamlakatni tark etgan bo‘lsa, 93 nafar qoidabuzar vaqtinchalik saqlash markazida qaror ijrosini kutmoqda. Bundan tashqari, 89 nafar xorijlik fuqaroning Rossiyaga kirishi taqiqlandi.
Ushbu profilaktik tadbirlar noqonuniy migratsiya kanallarini aniqlash hamda xorijliklarning mamlakatda bo‘lish va mehnat faoliyatini yuritish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan. Mintaqada bunday tekshiruvlar muntazam ravishda davom ettirilishi ma’lum qilindi.









