Rossiyaning Vologda viloyati Cherepovets shahrida «Noqonuniy migrant - 2026» profilaktik tadbiri doirasida keng ko'lamli reyd o'tkazildi. Shaharning Shimoliy tumanidagi obyektlarda o'tkazilgan tekshiruvlarda Rossiya IIV, Federal xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari ishtirok etdi.
Tekshiruvlar natijasida 39 nafar xorijlik fuqaro migratsiya qonunchiligini buzgani aniqlandi. Ularning barchasi ro'yxatdan o'tgan manzilida emas, balki boshqa joyda yashab kelayotgani ma'lum bo'ldi. Ushbu holat yuzasidan barcha shaxslarga nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1-qismi bo'yicha ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, aniqlangan 39 kishidan 13 nafariga nisbatan qo'shimcha ravishda 19.27-moddaning 1-qismi bo'yicha hujjatlar tayyorlandi. Bu modda migratsiya hisobiga turish vaqtida bila turib noto'g'ri ma'lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Qonunchilikka ko'ra, ushbu huquqbuzarliklar uchun 2 mingdan 5 ming rublgacha jarima solinishi hamda Rossiya Federatsiyasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish (deportatsiya) chorasi qo'llanilishi mumkin.









