Rossiya IIVning Chuvashiston Respublikasi bo'yicha boshqarmasi xodimlari, Federal xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya vakillari bilan hamkorlikda qurilish obyektlarida tekshiruvlar o'tkazdi. Natijada migratsiya qonunchiligini buzgan 4 nafar xorijlik fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy choralar ko'rildi.
Novocheboksarsk shahridagi ko'p qavatli uy qurilishida ishlayotgan 2 nafar Tojikiston fuqarosi patenti borligiga qaramay, hujjatda ko'rsatilmagan mutaxassislik bo'yicha ishlagani uchun javobgarlikka tortildi. Ularga nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.10-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Cheboksari shahridagi Energetikov ko'chasida joylashgan qurilish obyektida esa Misrning 2 nafar fuqarosi noqonuniy mehnat qilayotgani aniqlandi. Ulardan biri talaba bo'lib, dars vaqtida ishlagani uchun, ikkinchisi esa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz mehnat qilgani uchun qonunbuzar deb topildi. Ushbu shaxslarga ham 18.10-modda bo'yicha jarima belgilandi.
Aniqlangan qonunbuzarliklar sababli, xorijliklardan biriga 3 kunlik muddat ichida Rossiya hududini tark etish majburiyati yuklatildi. Ayni vaqtda huquq-tartibot idoralari tomonidan noqonuniy ishchilarni yollagan ish beruvchilarga nisbatan ham tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.









