SOS
Deportatsiya

Gruziyada 59 nafar noqonuniy migrant ushlandi: ular orasida o'zbekistonliklar ham bor

Gruziyada 59 nafar noqonuniy migrant ushlandi: ular orasida o'zbekistonliklar ham bor

Ushlanganlar O‘zbekiston, Ozarbayjon, Keniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Misr, Gana, Efiopiya, Filippin, Sudan, Kamerun va Xitoy fuqarolaridir. Migratsiya departamenti xodimlari maxsus immigratsiya nazorati doirasida xorijliklar bo‘lishi mumkin bo‘lgan qator manzil va obyektlarni tekshirdi.

Tekshiruv davomida 59 kishi Gruziyada “Xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan holda yashayotgani aniqlangan.

“Ular Migratsiya departamentining vaqtincha saqlash markaziga joylashtirildi. Hozirda xorijliklarni Gruziyadan chiqarib yuborish bo‘yicha tegishli tartib-taomillar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston fuqarolarining aniq soni, ularning yoshi, jinsi va shaxsiga oid boshqa ma’lumotlar ochiqlanmagan. Gruziya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kuchga kirganidan buyon 160 ta maxsus immigratsiya nazorati tadbiri o‘tkazilgan. Ularda jami 18 mingga yaqin xorijlik tekshirilib, aniqlangan noqonuniy migrantlarning ming nafari mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

8-sentabr kuni Gruziyadan yana 61 nafar xorijlik chiqarib yuborildi. Ular orasida ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Yil boshidan buyon mamlakatdan deportatsiya qilingan xorijliklar soni qariyb 3 ming nafarga yetdi. May oyida ham Gruziyada 45 nafar noqonuniy migrant qo‘lga olinib, mamlakatdan chiqarib yuborilgani ma’lum qilingan edi.

12.09.20261