Yekaterinburg shahrining Avtovokzal mikrorayonidagi Zlatoustovskiy ko'chasida joylashgan yarim vayrona xususiy uyda yashab kelgan xorijlik fuqarolar aniqlandi. Politsiya xodimlari o'tkazgan tekshiruv davomida uyda 4 nafar farzandi bilan yashayotgan ayol borligi ma'lum bo'ldi. Oiladagi farzandlarning yoshi 13, 14, 1 va 3 oyni tashkil etadi.
Aniqlanishicha, oila yashayotgan uyda sanitariya holati talabga javob bermaydi, hojatxona ko'chada joylashgan va uyda faqat elektr energiyasi mavjud bo'lgan. Shuningdek, bolalar maktab yoki bog'chaga qatnamagan hamda tibbiy nazoratda bo'lmagan. Ayolning so'zlariga ko'ra, oila Rossiyada mehnat migratsiyasida bo'lgan turmush o'rtog'i yuborgan mablag'lar hisobiga kun kechirgan.
Tekshiruv jarayonida ona va uning 4 nafar farzandida Rossiya hududida qonuniy bo'lish huquqini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlar yo'qligi aniqlandi. Ushbu holat sababli huquq-tartibot organlari oilani mamlakatdan deportatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qildi.
Hozirgi vaqtda ona va uning farzandlari Yekaterinburg politsiyasi tomonidan xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi. Ular deportatsiya jarayoni yakunlangunga qadar ushbu muassasada saqlanadi.









