SOS
Deportatsiya

Jinoyat sodir etgan ikki nafar o'zbekistonlik Rossiyadan deportatsiya qilindi

Jinoyat sodir etgan ikki nafar o'zbekistonlik Rossiyadan deportatsiya qilindi

Primorye o'lkasi IIV Migratsiya masalalari boshqarmasi xodimlari tomonidan ikki nafar O'zbekiston fuqarosi Rossiyadan deportatsiya qilindi. Ushbu shaxslar avvalroq Rossiya hududida jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan va jazo muddatini o'tab bo'lishgan.

Birinchi holatda, 1990-yilda tug'ilgan O'zbekiston fuqarosi qalbaki hujjatlar muomalasi (Rossiya Jinoyat kodeksining 327-moddasi 3-qismi) bilan bog'liq jinoyati uchun 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Ikkinchi holatda esa, 1992-yilda tug'ilgan fuqaro qasddan badanga og'ir shikast yetkazgani uchun (Rossiya Jinoyat kodeksining 111-moddasi 3-qismi «a» bandi) 5 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan.

Jazo muddati tugaganidan so'ng, 1996-yil 15-avgustdagi 114-sonli Federal qonunga muvofiq, ushbu shaxslarning Rossiya hududida qolishi istalmagan deb topildi. Ular deportatsiya qilinishidan avval Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo'lishdi. Shundan so'ng, migratsiya nazorati xodimlari nazorati ostida ular Toshkentga jo'natib yuborildi.

Eslatib o'tamiz, 2002-yil 25-iyuldagi 115-FZ sonli «Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to'g'risida»gi qonunga ko'ra, deportatsiya – xorijlik shaxsning Rossiyada qolish uchun qonuniy asoslari tugagan taqdirda, mamlakatdan majburiy chiqarib yuborilishidir.

29.10.20261