SOS
Deportatsiya

Kaluga viloyatida 101 nafar migrant Rossiyadan chiqarib yuborildi

Kaluga viloyatida 101 nafar migrant Rossiyadan chiqarib yuborildi

Kaluga viloyatida o'tkazilgan «Nelegal-2026» profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlari e'lon qilindi. Unga ko'ra, Rossiya hududida noqonuniy bo'lib turgan 101 nafar xorijlik fuqaroni ma'muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish to'g'risida qaror qabul qilingan.

Politsiya xodimlari tomonidan migratsiya sohasida jami 400 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 237 tasi kirish, chiqish va bo'lish qoidalarini buzish, 70 tasi noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullanish, 43 tasi esa Rossiyada bo'lish qoidalariga rioya etmaslik bilan bog'liq. Shuningdek, 44 ta holatda xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilish va 4 ta holatda migratsiya hisobiga qo'yishda yolg'on ma'lumotlar taqdim etish holatlari qayd etilgan.

Nazorat tadbirlari davomida noqonuniy migratsiya belgilariga ega bo'lgan 81 ta tekshiruv materiali ro'yxatga olingan va 13 ta jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Mazkur operatsiyada viloyat IIV, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va transport politsiyasi xodimlari ishtirok etgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hududda migratsiya qonunchiligi ustidan nazorat kuchaytirilgan. Politsiya profilaktik va tekshiruv tadbirlari davom etayotganini ma'lum qildi.

20.10.20260