Rossiya IIVning Kemerovo shahri bo'yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan yotoqxonalar, qurilish obyektlari va savdo korxonalarida o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida jami 285 nafar xorijlik fuqaro tekshiruvdan o'tkazildi. Reyd davomida migratsiya qonunchiligini buzgan 55 nafar shaxs aniqlanib, ularga nisbatan 109 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida patentsiz ishlagan 3 nafar migrant har biri 2 000 rubl miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, 2024-yildan buyon Rossiyada noqonuniy yashab kelgan ayol fuqaroga nisbatan 2 000 rubl jarima belgilandi va u mamlakatdan ma'muriy tartibda chiqarib yuborilishi uchun vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi.
Yo'lovchi avtobusini tekshirish jarayonida ham qoidabuzarliklar aniqlandi. Rossiyada bo'lish muddatini buzgan 6 nafar yo'lovchiga nisbatan 2 000 rubldan jarima solindi va ularni ham mamlakatdan chiqarib yuborish choralari ko'rildi. Noqonuniy migrantlarni tashigan haydovchiga esa jami 12 000 rubl miqdorida jarima tayinlandi.
Bundan tashqari, qurilish obyektlaridan birining rahbari 12 nafar xorijlikni migratsiya hisobiga qo'ymagani uchun javobgarlikka tortildi. Ushbu mansabdor shaxsga nisbatan jami 480 000 rubl miqdorida ma'muriy jarima belgilandi. Huquq-tartibot organlari migrantlarni o'z vaqtida ro'yxatdan o'tish va qonuniy ishlash qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.









