SOS
Deportatsiya

Moskva viloyatida 109 nafar migrant ushlandi: ularni deportatsiya kutmoqda

Moskva viloyatida 109 nafar migrant ushlandi: ularni deportatsiya kutmoqda

Moskva viloyatining Dmitrov shahar okrugida o'tkazilgan «Nelegal-2026» profilaktik tadbirlari davomida migratsiya qonunchiligiga rioya etilishi tekshirildi. Rossiya IIVning «Dmitrovskoye» boshqarmasi xodimlari qishloq xo'jaligi va qurilish obyektlari, omborxonalar hamda migrantlar ko'p to'planadigan joylarda reydlar o'tkazdi.

Tekshiruvlar natijasida 109 nafar xorijlik fuqaro ichki ishlar organlariga olib kelindi. Ularning 82 nafariga Rossiyada bo'lish tartibini buzgani (Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksning 18.8-moddasi), 18 nafariga esa noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullangani (18.10-modda) uchun bayonnomalar rasmiylashtirildi. Yana 9 kishi ma'muriy jazolarni bajarmaslikda ayblanib, javobgarlikka tortildi.

Har bir huquqbuzarga 5 ming rubl miqdorida jarima solindi. Aniqlangan 109 nafar shaxsdan 100 nafari Rossiyadan nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketish majburiyati bilan mamlakatdan chiqarib yuborilmoqda. Qolgan 9 nafar shaxs esa majburiy deportatsiya qilish uchun vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi.

Ushbu holat migrantlarning hujjatlari, jumladan, ro'yxatdan o'tish va ishlash uchun ruxsatnomalari doimo tartibda bo'lishi muhimligini yana bir bor eslatadi. Qonunchilik talablarini buzish nafaqat jarima, balki mamlakat hududidan chiqarib yuborilish va kelgusida Rossiyaga kirish taqiqlanishiga sabab bo'lishi mumkin.

11.09.20265