SOS
Deportatsiya

Moskvada 40 nafar migrant deportatsiya qilinadi: reyd natijalari va huquqbuzarliklar

Moskvada 40 nafar migrant deportatsiya qilinadi: reyd natijalari va huquqbuzarliklar

Yangi Moskva hududida migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olishga qaratilgan keng ko'lamli profilaktika tadbiri o'tkazildi. Kommunarka tumanidagi jamoat joylari, ko'chalar, xostellar, mehmonxonalar va turar joy binolarida olib borilgan tekshiruvlar davomida 383 nafar xorijlik fuqaroga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Aniqlangan qoidabuzarliklarning asosiy qismi migratsiya hisobi bilan bog'liq. Xususan, 194 ta holatda migratsiya hisobiga turishda noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etilgani (Rossiya Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 19.27-moddasi 3-qismi) aniqlangan. Shuningdek, 112 nafar shaxs mayda bezorilik, 11 nafar shaxs esa Moskva shahrida bo'lish tartibini buzganlik uchun javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, 29 nafar fuqaro bir yil davomida takroran qoidabuzarlik sodir etgani uchun, 36 nafari yo'l harakati qoidalarini buzgani, bir nafari esa politsiya xodimining qonuniy talabiga bo'ysunmagani uchun jarimaga tortildi. Tekshiruv yakunlariga ko'ra, 40 nafar xorijlik fuqaroni Rossiya Federatsiyasi hududidan ma'muriy yo'l bilan chiqarib yuborish (deportatsiya) to'g'risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, noqonuniy migratsiyani tashkil etish alomatlari bo'yicha ikki nafar shaxsga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar migratsiya qonunchiligi ustidan nazoratni davom ettirmoqda.

11.10.20260