Rossiya IIVning Moskva shahri bo'yicha bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, poytaxtning shimoliy qismida migratsiya qonunchiligi buzilishlarini aniqlashga qaratilgan keng ko'lamli profilaktika tadbirlari o'tkazildi. Tekshiruvlar jamoat joylari, ko'chalar, xostellar, mehmonxonalar va turar joy binolarini qamrab oldi.
Reyd yakunlari bo'yicha xorijlik fuqarolarga nisbatan jami 1406 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Xususan, 815 ta holatda Rossiyada bo'lish qoidalarini buzish (18.8-modda), 104 ta holatda noqonuniy mehnat faoliyati (18.10-modda) va 198 ta holatda migratsiya hisobiga oid noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etish (19.27-modda) kabi qoidabuzarliklar aniqlangan.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, 338 nafar xorijlik fuqaroni Rossiya hududidan tashqariga chiqarib yuborish (deportatsiya) to'g'risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, 842 nafar shaxsga Rossiyaga kirish taqiqlandi. Huquq-tartibot organlari tomonidan chegarani noqonuniy kesib o'tish va soxta hujjatlardan foydalanish bo'yicha 13 ta, boshqa jinoyatlar yuzasidan esa 22 ta jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Bundan tashqari, reyd davomida davlatlararo qidiruvda bo'lgan 3 nafar xorij fuqarosi aniqlandi. Migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo'yicha profilaktika tadbirlari davom ettirilmoqda.









