10-sentabr kuni Moskva shahridagi «Kommunarka-1» bog'dorchilik shirkatida joylashgan xostellarda huquq-tartibot organlari tomonidan reyd tadbirlari o'tkazildi. Tekshiruvlar natijasida jami 32 nafar xorijiy fuqaro politsiya bo'limiga olib kelingan, ular orasida 7 nafar O'zbekiston fuqarosi ham bo'lgan.
Ushbu holat yuzasidan O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo'limi hamda migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakillari «Kommunarskiy» politsiya bo'limiga tashrif buyurib, vaziyatni o'rgandi. Muzokaralar natijasida ushlangan o'zbekistonliklarning 6 nafari ozod qilindi.
Tekshiruvlar davomida yana bir fuqaroning migratsiya qonunchiligi talablarini buzgani aniqlangan. Shu sababli, ushbu shaxsni Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish bo'yicha belgilangan tartibda qaror qabul qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda politsiya bo'limida fuqarolardan biri vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar ham o'rganib chiqildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, bu xabar o'z tasdig'ini topmagan va haqiqatga to'g'ri kelmaydi.









