Nijniy Novgorod viloyati bo'yicha Rossiya Federal sud ijrochilari xizmati boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yil kirib kelganidan buyon 1340 nafar xorijiy fuqaro Rossiya hududidan chiqarib yuborilgan. Ushbu shaxslarning aksariyati O'zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Qirg'iziston va Turkmaniston fuqarolari ekani qayd etilgan.
Tekshiruvlar natijasida chiqarib yuborilgan barcha xorijliklarning Rossiya Federatsiyasida qonuniy yashash va ishlash huquqini beruvchi tegishli hujjatlari mavjud emasligi aniqlangan. Qonunbuzarlik holatlari aniqlangach, sud qaroriga binoan ular mamlakatdan majburiy tartibda chiqarib yuborilgan.
Shuningdek, o'tgan hafta davomida sud ijrochilari Jazoir va Afg'oniston fuqarolarini davlat chegarasidagi o'tkazish punktigacha kuzatib qo'yishgan. Mazkur shaxslarga nisbatan Rossiya Federatsiyasiga kirish huquqi kelgusi besh yil muddatga taqiqlangan.
Bundan tashqari, Shaxunya shahrida o'tkazilgan reydlar davomida mahalliy arra zavodida migratsiya hisobida turmasdan ishlayotgan 15 nafar xorijlik aniqlangan. Mutasaddilar xorijiy fuqarolarni Rossiya qonunchiligiga rioya qilishga, xususan, yashash va ishlash uchun zarur bo'lgan barcha hujjatlarni o'z vaqtida rasmiylashtirishga chaqirmoqda.









