Primorye o'lkasi IIV Migratsiya masalalari boshqarmasi xodimlari tomonidan Rossiya qonunchiligini buzgan 36 nafar O'zbekiston fuqarosi mamlakat hududidan majburiy tartibda chiqarib yuborildi. Ushbu shaxslar 18 yoshdan 65 yoshgacha bo'lgan fuqarolarni tashkil etadi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur fuqarolar avvalroq Artyom shahridagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan edi. Sud va migratsiya xizmati qaroriga ko'ra, ular Vladivostok aeroporti orqali Toshkentga jo'natilgan. Ushbu chora Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 3.10-moddasiga muvofiq, ma'muriy jazo sifatida amalga oshirilgan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Primorye o'lkasida joriy yil boshidan buyon migratsiya qonunchiligini buzish bilan bog'liq uch yarim mingga yaqin ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Migratsiya xizmati xodimlari xorijlik fuqarolarni Rossiya qonunlariga qat'iy rioya qilishga hamda hujjatlar va yashash tartibiga e'tiborli bo'lishga chaqirmoqda.
Eslatib o'tamiz, ma'muriy chiqarib yuborish (vydvoreniye) xorijlik fuqaroni Rossiya davlat chegarasidan tashqariga majburiy va nazorat ostida olib chiqishni anglatadi. Bu jarayon qonuniy asoslari tugagan yoki buzilgan taqdirda qo'llaniladigan majburiy choradir.









