Rossiya IIVning Xanti-Mansiysk muxtor okrugi bo'yicha boshqarmasi o'tkazgan tekshiruvlar natijasida 72 nafar xorijlik fuqaroning Rossiya pasportlari olib qo'yildi. Ushbu shaxslarning Rossiya fuqaroligi bekor qilinib, ularga mamlakat hududini tark etish majburiyati yuklandi.
Fuqarolikdan mahrum bo'lganlarning eng katta qismi — 34 kishi harbiy hisobga turish qoidalarini buzgani uchun ushbu maqomdan ayrilgan. Qonunchilikka ko'ra, Rossiya fuqaroligini olgan shaxslar belgilangan muddatda harbiy komissariatda hisobga turishi shart. Ushbu talabning bajarilmasligi fuqarolikning bekor qilinishiga asos bo'ldi.
Shuningdek, 28 nafar shaxs turli jinoyatlarni sodir etgani va sud hukmi chiqarilgani sababli fuqarolikdan mahrum etildi. Jumladan, 50 yoshli erkak noqonuniy migratsiyani tashkil etish va chet elliklarni soxta ro'yxatdan o'tkazish aybi bilan sudlangan. U 2006-yilda Rossiya pasportini olgan edi.
Qolgan 4 ta holatda hujjatlarni topshirish jarayonida firibgarlik aniqlangan. Xususan, 44 yoshli ayol Rossiya fuqarosi bilan soxta nikoh qurgani, 37 yoshli shaxs esa tadbirkor bilan soxta mehnat shartnomasi tuzgani ma'lum bo'ldi. Ushbu shaxslar endilikda Rossiyada qonuniy ishlash huquqini yo'qotib, o'z vatanlariga qaytishlari kerak bo'ladi.









