Rossiya IIVning migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi xodimlari, Kostromsk viloyatida 10-avgustdan 14-avgustga qadar «Gastarbayter» nomli profilaktik operatsiyani amalga oshirdi. Tadbir davomida xorijiy fuqarolarning mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar hamda yashash manzilidagi ro‘yxatdan o‘tish holatlari tekshirildi.
Operatsiya davomida huquq-tartibot organlari xodimlari Rossiya milliy gvardiyasi ko‘magida migrantlar ishlaydigan va yashaydigan 150 ga yaqin manzilni ko‘zdan kechirdi. Tekshiruvlar jarayonida 1000 nafarga yaqin xorijlik fuqaro va ularning ish beruvchilari nazoratdan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 60 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. Xususan, Rossiyada bo‘lish tartibini buzish, noqonuniy mehnat faoliyati va patent olish muddatlarini o‘tkazib yuborish kabi holatlar qayd etildi. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilish bilan bog‘liq 5 ta holat aniqlandi.
Bundan tashqari, xorijiy fuqarolarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 2 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Qonun talablarini buzgan 6 nafar xorijlik fuqaro Rossiya hududidan chiqarib yuborilishi belgilandi.









