Xabarovsk o'lkasining Vanin, Amur tumanlari va Bikin okrugida politsiya xodimlari tomonidan «Noqonuniy migrant-2026» operatsiyasi o'tkazildi. Reydlar davomida xorijiy fuqarolarning Rossiya hududida bo'lish rejimi va mehnat faoliyati qoidalari qay darajada bajarilayotgani tekshirildi.
Vanin tumanida Rossiya hududida bo'lish uchun zarur hujjatlari bo'lmagan ikki nafar xorijiy fuqaro aniqlandi. Ularning har biriga 2 ming rubl miqdorida jarima belgilandi, shuningdek, huquqbuzarlardan biri Rossiya hududidan majburiy tartibda chiqarib yuborilishi belgilandi.
Amur tumanida 142 nafar xorijiy fuqaro tekshirilib, 7 ta qoidabuzarlik qayd etildi. Xususan, noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullangan migrantlar va ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Reydlar yakuniga ko'ra, 5 nafar xorijiy fuqaroga Rossiyaga kirish taqiqlandi.
Bikin okrugida ham xuddi shunday tekshiruvlar o'tkazilib, noqonuniy mehnat qilayotgan shaxslar aniqlandi. Qoidabuzarlik sodir etgan migrantlar va ularni noqonuniy ishga jalb qilgan yuridik shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko'rildi. Shuningdek, bir nafar xorijiy fuqaroning Rossiya hududiga kirishi taqiqlandi.
Migrantlarga o'z hujjatlarining to'g'riligini va mehnat faoliyati qonuniy ekanligini doimiy nazorat qilib borish tavsiya etiladi. Qoidalarni buzish jarimalar, Rossiyadan chiqarib yuborish va mamlakatga kirish huquqidan mahrum bo'lish kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.









