Novosibirsk shahrida o‘zbekistonlik fuqaro patent olish uchun hujjat topshirish jarayonida ko‘rsatgan manzil tekshirilganda, u yerda haqiqatda hech kim yashamasligi aniqlangan. Mazkur manzilda jami 38 nafar xorijlik fuqaro ro‘yxatdan o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan Rossiya migratsiya qoidalari buzilgani uchun fuqaroga mamlakatga kirish taqiqlandi. Migrant ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilib, Rossiya fuqarosi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i borligini va sudlanmaganini vaj qilib keltirdi.
Biroq sud instansiyalari, jumladan, Sakkizinchi kassatsiya sudi ham mazkur qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Sud xulosasiga ko‘ra, fuqaro ataylab yolg‘on ma’lumot taqdim etgan. Shuningdek, Rossiyada yaqin qarindoshlarning mavjudligi migratsiya qoidalariga rioya qilish majburiyatidan ozod etmasligi ta’kidlandi.
Ushbu voqea migrantlar uchun muhim eslatma bo‘lib, yashash joyi bo‘yicha haqiqiy bo‘lmagan (soxta) ro‘yxatdan o‘tish kelgusida Rossiya hududiga kirish bilan bog‘liq jiddiy cheklovlarga olib kelishi mumkin.









