Rossiya IIVning Tyumen viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazi xodimlari migratsiya tartibini buzgan 31 nafar chet el fuqarosini mamlakat hududidan majburiy ravishda chiqarib yuborish uchun sud ijrochilari xizmatiga topshirdi.
«Ushbu fuqarolar migratsiya qonunchiligini buzganliklari sababli ularga jarima hamda Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuborish jazosi tayinlangan. Sud ijrochilari ushbu shaxslarni o‘z vatanlariga jo‘natish uchun davlat chegarasidagi o‘tkazish punktigacha kuzatib boradi», — deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.
Vazirlik hududda migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha reydlar muntazam ravishda o‘tkazilishini eslatib o‘tdi. Xususan, navbatdagi tekshiruvlardan so‘ng yana olti kishini deportatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq, chet elliklarni o‘z xonadoniga noqonuniy ravishda ro‘yxatga qo‘ygan tyumenlik fuqaroning uyi musodara qilinishi haqida xabar berilgan edi.









