Tyumen viloyati IIB xodimlari migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida shahardagi yotoqxonalardan birida tekshiruv o'tkazdi. Reydda migratsiya bo'limi xodimlari, uchastka nozirlari, shuningdek, Rossiya Tergov qo'mitasi va Milliy gvardiya vakillari ishtirok etdi.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, 7 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi. Besh nafar xorijlik Rossiyada bo'lish qoidalarini buzgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortildi. Yana bir shaxsga nisbatan majburiy tibbiy ko'rikdan o'tishdan bo'yin tovlagani uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, qonunbuzarlik sodir etgan yana bir xorijlik fuqaroga nisbatan to'plangan hujjatlar sudga yuborildi. Sud uning Rossiya hududidan ma'muriy tartibda chiqarib yuborilishi masalasini ko'rib chiqadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Tyumen viloyatida migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etishini ma'lum qildi.









