SOS
Deportatsiya

Ussuriyskda 7 nafar xorijlik qo'lga olindi: ularni deportatsiya va jarima kutmoqda

Ussuriyskda 7 nafar xorijlik qo'lga olindi: ularni deportatsiya va jarima kutmoqda

Rossiyaning Primorye o'lkasi Ussuriysk shahrida «Nelegal-2026» kompleks operatsiyasining ikkinchi bosqichi doirasida reydlar o'tkazildi. Tekshiruvlar davomida tovar omborlari va mehmonxona qurilish maydonlarida mehnat faoliyatini yuritayotgan 70 dan ortiq xorijlik fuqaroning hujjatlari tekshirildi.

Reyd natijalariga ko'ra, 18 yoshdan 56 yoshgacha bo'lgan 7 nafar xorijlik fuqaro qo'lga olinib, ichki ishlar bo'limiga olib ketildi. Ularning 5 nafari Qirg'iziston, 2 nafari esa Tojikiston fuqarolari ekanligi aniqlandi.

Qo'lga olinganlarning 6 nafariga nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi bo'yicha bayonnomalar tuzildi. Ushbu shaxslarga jarima solindi va ularga Rossiya hududini mustaqil ravishda tark etish majburiyati yuklandi.

Bir nafar fuqaroga nisbatan esa 20.25-moddaning 3-qismi bo'yicha chora ko'rildi. U avvalroq sud qarori bilan mamlakatdan chiqib ketishi kerak bo'lgan, biroq buni bajarmagan. Endilikda ushbu shaxs majburiy tartibda chiqarib yuborilishi belgilandi va u vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi.

Ushbu tadbirlar Rossiya IIVning Primorye o'lkasi bo'yicha migratsiya boshqarmasi, Milliy gvardiya va Xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida amalga oshirildi. «Nelegal» operatsiyasi noqonuniy migratsiya kanallarini aniqlash va qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida har yili ikki bosqichda o'tkaziladi.

30.10.20261