Xabarovsk o'lkasining Sovetskaya-Gavan tumani, Solnechniy va Bikinskiy okruglarida «Nelegal-2026» operativ-profilaktika tadbirlari o'tkazildi. Politsiya xodimlari transport infratuzilmasi, qurilish maydonchalari, savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish joylarida xorijiy fuqarolarning hujjatlarini tekshiruvdan o'tkazdi.
Sovetskaya-Gavan tumanida uch nafar xorijlikka nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.10-moddasi (ruxsatnomasiz mehnat faoliyatini amalga oshirish) bo'yicha bayonnomalar tuzildi. Shuningdek, yashash qoidalarini buzgan yana bir fuqaroga 2 ming rubl jarima solindi va u Rossiya hududidan ma'muriy tartibda chiqarib yuborilishi belgilandi.
Solnechniy okrugida o'tkazilgan 20 ta reyd davomida 88 nafar xorijiy fuqaro tekshirildi. Natijada migratsiya qonunchiligini buzgan shaxslarga nisbatan 9 ta ma'muriy material rasmiylashtirildi va ularga jarimalar tayinlandi.
Bikinskiy okrugida esa 14 ta obyekt va turar joylar nazoratdan o'tkazildi. Jami 36 nafar xorijlik tekshirilib, 7 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan jarimalar qo'llanildi hamda bir nafar xorijiy fuqaroni Rossiyadan chiqarib yuborish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Migrantlardan Rossiya hududida bo'lish va ishlash uchun barcha zarur hujjatlarni o'z vaqtida rasmiylashtirish hamda migratsiya qonunchiligi talablariga qat'iy rioya qilish so'raladi.









