Leningrad viloyatidagi 16 ming o'zbekistonlik ishchi uchun yangi sharoitlar muhokama qilindi

2024-yil 11-sentabr kuni O'zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi mas'ullari Leningrad viloyati Kingisepp tumani ma'muriyati rahbari Viktor Tolkachev hamda hududiy ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralari vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida Leningrad viloyatida ayni vaqtda 16 000 nafarga yaqin o'zbekistonlik mehnat muhojiri faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Tomonlar ushbu fuqarolarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Shuningdek, muzokaralar doirasida hududda ishlayotgan vatandoshlarimiz uchun mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash hamda mahalliy mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu chora-tadbirlar migrantlarning huquqiy himoyasini ta'minlashga qaratilgan.
Eslatib o'tamiz, Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimiz o'zlarini qiziqtirgan savollar yoki yuzaga kelgan muammolar yuzasidan Migratsiya agentligining +7 (495) 803-40-00 raqamli 24/7 ishlovchi koll-markaziga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, +7 (925) 045-47-44 ishonch raqami orqali Telegram va WhatsApp messenjerlari orqali ham bog'lanish imkoniyati mavjud.








