O‘tgan hafta davomida xorijiy davlatlarda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi vakolatli idoralari hamda xorijiy davlatlarning tegishli organlari hamkorligida tashkil etildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qaytarilgan bolalarning 9 nafari Rossiya Federatsiyasida, 2 nafari esa Qozog‘iston Respublikasida bo‘lgan. Ularni Vatanga olib kelishda Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Bolalar ombudsmani vakillaridan iborat ishchi guruh ishtirok etdi.
Ayni damda Vatanga qaytarilgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy yordamlar bilan qamrab olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bolalarning keyingi taqdiri va oilaga moslashuvi jarayoni yashash manzillari bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan nazoratga olingan.









