Rossiyadan qarovsiz qolgan 7 nafar bola Vatanga qaytarildi

2026-yil 15-sentabr kuni Rossiya Federatsiyasidan ota-ona qaramog'isiz qolgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O'zbekistonga qaytarildi. Ushbu bolalarning 3 nafari jazo muddatini o'tayotgan onalari tomonidan O'zbekiston vakillariga topshirilgan. Mazkur jarayon O'zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalari ko'magida amalga oshirildi.
Ushbu guruhning qaytishi bilan Rossiyaga uyushtirilgan xizmat safari yakunlandi. Umumiy hisobda, xizmat safari davomida Rossiyadan 30 nafar, Qozog'istondan esa 2 nafar, jami 32 nafar voyaga yetmagan bola Vatanga qaytarildi. Qaytarilgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularni oilaviy muhitga moslashtirish hamda ijtimoiy-psixologik yordam ko'rsatish bo'yicha ishlar boshlab yuborildi.
Bolalarning kelgusi taqdiri va oilaga moslashuvi jarayoni yashash manzillari bo'yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida nazorat qilib boriladi. Davlat idoralari xorijda qiyin ahvolda qolgan voyaga yetmaganlarni Vatanga qaytarish ishlarini davom ettirmoqda.
Xususan, yaqin vaqt ichida Gruziyadan 1 nafar voyaga yetmagan bolani Vatanga qaytarish uchun xizmat safari uyushtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Turkiya Respublikasi bilan ham bolalarni qaytarish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.








