Rossiyaning Primorye o‘lkasida O‘zbekistondan kelgan mehnat migrantlari farzandlari uchun ta’lim sharoitlarini yaxshilash maqsadida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsuli Xojiakbar Vahobov hamda Primorye o‘lkasi ta’lim vaziri Elvira Shamonova o‘rtasidagi uchrashuvda kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, o‘lkaga kelayotgan o‘zbekistonlik migrantlarning farzandlari uchun maxsus sinflar hamda maktabgacha tayyorgarlik kurslarini birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus bolalarning ta’lim jarayoniga moslashuvini osonlashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, tomonlar 2027-yildan boshlab o‘zaro hamkorlik doirasida maktab o‘quvchilarini yozgi ta’til davrida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yuborish amaliyotini qayta tiklashga kelishib oldilar. Mazkur almashinuv tenglik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Primorye o‘lkasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan ham kelishuvga erishildi.









