SOS
Diaspora

Moskvada o‘zbek diasporasini "tiklamoqchi" bo‘lgan bloger Putinga videomurojat qildi

Moskvada o‘zbek diasporasini "tiklamoqchi" bo‘lgan bloger Putinga videomurojat qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini asli o‘zbekistonlik, hozirda Rossiya Federatsiyasi fuqarosi deb tanishtirgan bloger va Moskvada taksi haydovchisi bo‘lib ishlovchi Muxtor Abdulloev tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yo‘llangan videoariza tarqaldi.

Murojaatda Moskvadagi «O‘zbek diasporasi»ni qayta tiklash va unga o‘zini rahbar etib tayinlash so‘ralgan. Avvalo, mazkur video Rossiyada faoliyati taqiqlangan va ekstremistik tashkilot deb topilgan ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan bo‘lib, Rossiya davlat organlari taqiqlangan platformalardagi chiqishlarni rasmiy murojaat sifatida qabul qilmaydi. Bu esa ushbu xatti-harakat muammoni hal qilish emas, balki tarmoqlarda e'tibor qozonish va xayp ko‘tarish maqsadida qilinganligidan dalolat beradi.

Moskvadagi o‘zbek diasporasini bunday video orqali «tiklash» huquqiy jihatdan imkonsiz, chunki 2024-yil 7-may kuni Moskva shahar sudi Rossiya Adliya vazirligi (Minyust) da’vosi bilan «Moskva shahridagi O‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi»ni rasman tugatgan. Ushbu tashkilot bir necha yil davomida Minyustga moliyaviy hisobot topshirmagani, ko‘rsatilgan yuridik manzilda mavjud bo‘lmagani va rasmiy ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirgani sababli tugatilgan.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat Prezidenti jamoat tashkilotlariga rahbar tayinlash vakolatiga ega emas; jamoat birlashmalari rahbarlari davlat tomonidan emas, ta’sischilarning umumiy yig‘ilishi va saylovi orqali belgilanadi.

Rossiya Federatsiyasining «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, o‘zbek millatiga mansub shaxslar huquqini himoya qilish istagida bo‘lgan har qanday shaxs kamida 3 nafar fuqaro bilan birga yangi ustav tuzib, Adliya vazirligidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi shart. Davlat rahbariga murojaat esa faqat rasmiy elektron qabulxona (letters.kremlin.ru) yoki pochta orqali yuboriladi. Xulosa qilib aytganda, M. Abdulloevning murojaati huquqiy savodxonlikdan yiroq bo‘lib, Rossiyada jamoat tashkilotlari rahbarligi internetdagi videolar orqali emas, qonuniy tartib-taomillar va sud qarorlari asosida belgilanadi.

12.09.20262