Yekaterinburgda o'zbekistonlik yosh rassomlarning asarlari namoyish etilmoqda

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2026-yil 11-sentabrdan 17-sentabrgacha bo'lib o'tayotgan Xalqaro yoshlar festivali doirasida o'zbekistonlik yosh rassomlarning asarlari namoyish etilmoqda. Ko'rgazmada O'zbekiston vakillari bilan bir qatorda Hindiston, Efiopiya, Bahrayn, Armaniston va boshqa 90 dan ortiq mamlakat ijodkorlarining ishlari o'rin olgan.
Ekspozitsiya turli xalqlarning madaniyati va an'analariga bag'ishlangan. Unda namoyish etilayotgan rangtasvir va grafika asarlarida milliy an'analar, ona yurt manzaralari hamda kundalik hayot lavhalari aks ettirilgan. Ko'rgazma an'anaviy san'atni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg'unlashtirgan holda tashkil etilgan.
Festival doirasida tashrif buyuruvchilar uchun virtual reallik zonasi hamda sun'iy intellekt yordamida rasm yaratish imkonini beruvchi interaktiv maydonchalar ham faoliyat ko'rsatmoqda. Mehmonlar klassik san'at asarlari bilan tanishish barobarida, o'zlarining ijodiy ishlarini raqamli formatda yaratishlari mumkin.
Mazkur xalqaro ko'rgazma "Tavrida.ART" loyihasi hamda Rossiya Rassomlar uyushmasi tomonidan Rossiya Prezidenti madaniy tashabbuslar jamg'armasi ko'magida tashkil etilgan. Ko'rgazma 17-sentabrga qadar davom etadi.







