Perm shahrining Leninskiy tuman sudi 2021-yildan 2024-yilgacha bo'lgan davrda noqonuniy migratsiya bilan shug'ullangan jinoiy guruh ustidan hukm chiqardi. Guruh a'zolari Kamil Bekmuratov, Tatyana Doppelmayer va Anastasiya Batalova 298 nafar xorijlik fuqaroning Rossiyada qonuniy bo'lishi uchun zarur bo'lgan hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topildi.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, guruh xorijliklar uchun rus tili, tarixi va qonunchilik asoslari bo'yicha majburiy imtihonlarni soxta yo'l bilan tashkil etgan. Nomzodlarga imtihon savollarining javoblari oldindan aytib berilgan yoki ularning o'rniga boshqa shaxslar test topshirgan. Natijada, xorijliklar haqiqiy bilimga ega bo'lmasdan, sertifikatlarga ega bo'lishgan va ushbu hujjatlar orqali Rossiyada qonuniy maqom olgan.
Sud qaroriga ko'ra, Tatyana Doppelmayer 7 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 900 ming rubl jarimaga tortildi. Kamil Bekmuratov 7 yilga qat'iy tartibli koloniyaga hukm qilindi va 1 yil muddatga ozodligi cheklandi. Anastasiya Batalova esa 1 yil 6 oy muddatga umumiy tartibli koloniyaga jo'natildi. Hozirda sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan.
Eslatib o'tamiz, ushbu jinoiy guruh faoliyati Perm o'lkasi, Moskva, Tula, Samara va Kaluga viloyatlarini qamrab olgan. Ushbu ish bo'yicha boshqa gumondorlarga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda va ularning ishlari tegishli tuman sudlariga yuborilgan.









