SOS
Hujjatlar

Chelyabinskda 50 dan ortiq migrantga noqonuniy hujjat tayyorlagan guruh qo'lga olindi

Chelyabinskda 50 dan ortiq migrantga noqonuniy hujjat tayyorlagan guruh qo'lga olindi

Chelyabinsk viloyatida 2026-yilning martidan noyabriga qadar bo'lgan davrda 50 dan ortiq xorijlik fuqaroning Rossiya hududida noqonuniy bo'lishini ta'minlagan jinoiy guruh fosh etildi. Rossiya Tergov qo'mitasining mintaqaviy boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, ushbu sxemani tashkil etishda Sosnovskiy tumani IIB migratsiya masalalari bo'limi boshlig'ining 25 yoshli o'rinbosari va 34 yoshdan 52 yoshgacha bo'lgan uch nafar sherigi gumon qilinmoqda.

Tergov versiyasiga ko'ra, guruh a'zolari aniq vazifalarni taqsimlab olgan. 52 yoshli gumondor migratsiya hisobiga turishga muhtoj shaxslarni topgan, 34 yoshli ayol esa ularga Chelyabinskdagi turli manzillar bo'yicha soxta ro'yxatdan o'tish hujjatlarini rasmiylashtirgan. Migratsiya bo'limi xodimi esa o'z mansab vakolatidan foydalanib, tekshiruvlar vaqtida sheriklariga yordam bergan hamda noqonuniy migratsiya faktlarini yashirish uchun xizmat ma'lumotlarini taqdim etib turgan.

Jinoyat Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan aniqlangan. Hozirda gumonlanuvchilarning yashash va ish joylarida tintuvlar o'tkazilib, ularga nisbatan ayblov e'lon qilish va ehtiyot chorasini tanlash masalasi ko'rib chiqilmoqda. Ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Rossiya IIVning Chelyabinsk viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, xodimning aybi tasdiqlangan taqdirda, u ichki ishlar organlaridan bo'shatiladi va qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi. Tergov guruhi ushbu shaxslarning boshqa noqonuniy epizodlarga aloqadorligini tekshirishda davom etmoqda.

05.11.20265