Mariupol shahrida Rossiya IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktika tadbirlari davomida soxta migratsiya hujjatlaridan foydalanish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari migratsiya hisobiga qo‘yilganligini tasdiqlovchi qalbaki blankalarni aniqlashdi.
Voqea yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan avtomobilni tekshirish jarayonida yuz bergan. 24 yoshli haydovchi va uning to‘rt nafar yo‘lovchisi taqdim etgan vaqtinchalik yashash joyiga kelganlik haqidagi bildirishnoma blankalarining haqiqiyligi shubha uyg‘otgan. Hujjatlar ekspertizaga yuborilganda, ulardagi muhr izlari belgilangan namunaga mos kelmasligi tasdiqlangan.
Tergov harakatlari natijasida 19 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan besh nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular o‘z aybiga iqror bo‘lishgan. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 327-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Politsiya xodimlari qalbaki hujjatlarni tayyorlash va tarqatish kanallarini aniqlash hamda ularga chek qo‘yish bo‘yicha surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda. Migrantlarga hujjatlarni rasmiylashtirishda qonuniy tartib-qoidalarga rioya qilish va faqat vakolatli organlar orqali murojaat qilish tavsiya etiladi.









