SOS
Hujjatlar

Mehnat faoliyatini boshlagani to‘g‘risida xabarnoma

Mehnat faoliyatini boshlagani to‘g‘risida xabarnoma

Rossiyada mehnat patenti olgan xorijlik fuqarolar hujjat berilgan kundan boshlab ikki oy muddat ichida mehnat faoliyatini boshlagani to‘g‘risida Rossiya IIV organlarini xabardor qilishi lozim. Ushbu muddatga rioya qilmaslik yoki belgilangan tartibda xabar bermaslik patentning avtomatik ravishda bekor qilinishiga olib keladi. Bunday holatda patentni qayta tiklash imkonsiz bo‘lib, barcha hujjatlarni yana boshidan rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi.

Mehnat faoliyatini boshlaganlik haqidagi bildirishnomani uchta usulda taqdim etish mumkin. Birinchisi, «Gosuslugi» portali orqali (tasdiqlangan shaxsiy kabinet mavjud bo‘lganda), ikkinchisi, patent olingan hududdagi Rossiya IIV bo‘limiga shaxsan tashrif buyurib, uchinchisi esa «Pochta Rossii» orqali qimmatli xat sifatida yuborish orqali amalga oshiriladi.

«Gosuslugi» portali orqali xabar berish uchun tizimga kirib, tegishli bo‘limni tanlash kerak. Bunda foydalanuvchi pasport ma’lumotlari, patent raqami, ish beruvchi (kompaniya nomi yoki STN), mehnat shartnomasi hamda tibbiy sug‘urta polisiga oid ma’lumotlarni kiritishi hamda shartnomaning nusxasini yuklashi talab etiladi. Ma’lumotlar yuborilgach, Rossiya IIV uni bir ish kuni davomida ko‘rib chiqadi.

Agar bildirishnomada xatoliklar aniqlansa, tizim orqali rad javobi kelishi mumkin. Bunday holatda xabarda ko‘rsatilgan kamchiliklarni tuzatib, qaytadan yuborish lozim. Muhimi, ushbu jarayonni patent berilgan kundan boshlab ikki oy ichida yakunlash kerak. Mutaxassislar hujjat topshirishni oxirgi kunga qoldirmaslikni, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarni o‘z vaqtida bartaraf etishni tavsiya qiladi.

24.08.20260